Bugun Yakkasaroy tumanidagi “Do‘stlik” bog‘i yoshlar bilan to‘lib-toshdi. Bu yerda tuman hokimi Nilufar Allabergenova “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida yoshlar bilan ochiq muloqoti o‘tkazildi.
Ushbu tadbirning asosiy maqsadi – yoshlar o‘rtasidagi muammolarni o‘rganish, ularning taklif va fikrlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitish hamda amaliy yechimlar topishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda tuman hokimining o‘rinbosarlari, mahallalardagi yoshlar yetakchilari, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbarlari, shuningdek, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar ham ishtirok etdilar. Eng muhimi, bu safar tadbir oddiy rasmiy formatda emas, balki yoshlar uchun samimiy va ochiq muhitda tashkil etildi.
Muloqot jarayonida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni ochiq bayon etishdi.
Xususan:
Oliygohlarda shartnoma puli masalasi.
Yoshlarning bandligini ta’minlash.
Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda qo‘llab-quvvatlash.
Haydovchilik guvohnomasini olish bilan bog‘liq muammolar kabi masalalar ko‘tarildi.
Har bir murojaat alohida qayd etildi va hokim tomonidan ularni hal etish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Nilufar Allabergenova yoshlar bilan samimiy suhbatda: “Yoshlar – jamiyatning eng muhim quvvati. Sizning har bir g‘oyangiz, har bir tashabbusingiz qo‘llab-quvvatlanadi. Asosiy maqsadimiz – yoshlarning orzu-umidlarini amalga oshirish uchun zarur sharoit yaratish,” – deb ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida yoshlarga tadbirkorlik, ta’lim va ish bilan ta’minlash yo‘nalishlarida amaliy yordam berish bo‘yicha bir qator rejalar ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, bunday ochiq muloqotlar muntazam davom ettirilishi ma’lum qilindi.