16 Avgust, 2025 6

Bugun Yakkasaroy tumanida o‘zgacha kayfiyat, milliylik va totli an’analar mujassam bo‘lgan navbatdagi bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Yakkasaroy tuman hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu sayil – qadimiy yurtimizga xos bo‘lgan Qovun sayli edi.

Mazkur tadbir qo‘mita hududida joylashgan madaniy markaz pavilonlarida o‘tkazilib, u milliylik va do‘stlik ruhi ila yuksak darajada o‘tdi. Qovun – faqat bir meva emas. U bizning xalqimiz urf-odatlari, mehmondo‘stlik timsoli, yozning shirin yodgoridir. Sayil esa bu shodlik, madaniyat va o‘zaro hurmat bayramidir.

Tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev, shuningdek, turli millat vakillari, hudud aholisining keng qatlamlari ishtirok etdilar.

Sayil davomida madaniyat markazlari o‘z milliy kuy-qo‘shiqlari, raqslari va sahna chiqishlari bilan mehmonlarga ko‘tarinki ruh va quvonch ulashdilar. Har bir pavilon o‘z madaniyati, urf-odati, milliy liboslari, shuningdek, o‘ziga xos qovun turlari bilan ishtirok etdi. Bu orqali tadbir chin ma’noda xalqlar do‘stligi va totuvligining yorqin timsoliga aylandi.

Qovun hidi aralashgan havo, musiqiy navolar, quvnoq bolalarning kulgisi, samimiy muloqotlar – bularning barchasi Yakkasaroy osmonida bir kunlik bo‘lsa-da, yodda qoladigan unutilmas lahzalarni yaratdi.

Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar bunday ko‘lamdagi sayilning doimiy an’anaga aylanishi zarurligini e’tirof etdilar. Zero, bu kabi tashabbuslar millatlararo totuvlik, madaniy uyg‘unlik va yurt tinchligining mustahkam poydevoridir.

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech