Bugun Yakkasaroy tumanida ijod va jonli musiqa bilan to‘lgan, o‘ziga xos muhit yaratildi. “Pushkin maydonida” o‘tkazilgan “KO‘ChA” festivali tuman hokimligi hamda Madaniyat bo‘limi tashabbusi bilan yoshlar, san’at va ijod ahllarini bir joyga jamladi.
Festivalda tumanimizning iqtidorli yosh ijodkorlari sahnaga chiqib, o‘z kuy-qo‘shiqlari va ijodiy chiqishlari orqali ishtirokchilarga haqiqiy bayram kayfiyati ulashdilar.
Faqatgina mahalliy yoshlar emas, balki turli mamlakatlardan tashrif buyurgan mehmonlar va sayyohlar ham musiqa olamiga sho‘ng‘ib, qo‘shiq kuylab, raqqosa va raqqoslarga qo‘shilib, umumiy shodiyonaga o‘z hissalarini qo‘shdilar.
“KO‘ChA” – bu nafaqat sahna, balki erkin ijod, jonli musiqa va xalq bilan yuzma-yuz muloqot. Bu festival orqali ko‘chalar ijod uchun ochiq va bag‘rikeng maskanga aylandi.