16 Avgust, 2025 6

Bugun Yakkasaroy tumani yana bir bor rang-barang madaniyatlar, do‘stlik va ahillik manzarasiga aylangani guvohi bo‘ldik. O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi hududida bo‘lib o‘tayotgan Do‘stlik festivali ana shunday ruhda, yuksak ko‘tarinkilik bilan davom etmoqda.

22 ta davlat madaniy markazlari tomonidan tashkil etilgan pavilonlar festivalga tashrif buyurgan mehmonlar e’tiborini tortdi. Har bir pavilon – bu o‘ziga xos madaniyat, milliy qadriyatlar va xalqlararo do‘stlik ramzi bo‘lib, festival maydoniga alohida ruh, alohida shukuh bag‘ishladi.

Tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev, turli millat vakillari, ijodiy jamoalar, keng jamoatchilik va hudud aholisi ishtirok etdi.

Ishtirokchilarning barchasi yagona maqsad – Vatanimizdagi millatlararo totuvlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, turli millat vakillarining o‘zaro hurmat va ahil hayotini yanada mustahkam poydevorga qurish g‘oyasi atrofida birlashdi.

Har bir pavilonda mazkur davlatlarning milliy urf-odatlari, an’anaviy liboslari, milliy oshxonasi, amaliy san’at namunalaridan tortib, musiqa va raqslarigacha namoyish etildi. Bu esa nafaqat madaniy xilma-xillikning, balki o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va hamkorlikning yorqin ifodasiga aylandi.

Festival davomida tashrif buyuruvchilar uchun turli millatlarga oid sahna chiqishlari, milliy taomlar ko‘rgazmasi, hunarmandchilik yarmarkalari, badiiy dasturlar ham namoyish etildi. Bunday tadbirlar turli elatlar madaniyatining o‘zaro uyg‘unligini, xalqimiz orasidagi do‘stlik va birdamlik rishtalari naqadar mustahkam ekanini yana bir bor ko‘rsatib berdi.

Do‘stlik festivali – bu shunchaki bayram emas. Bu yurtdoshlarimiz qalbidagi do‘stlik, bag‘rikenglik, hamjihatlik va o‘zaro anglashuv g‘oyalarining tantanasidir.

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech