Bugun Yakkasaroy tumanidagi 144-sonli umumta’lim maktabining zamonaviy va qulay sharoitlarga ega bo‘lgan yangi binosi foydalanishga topshirildi.
660 o‘quvchi uchun mo‘ljallangan ushbu muhtasham inshootning ochilish marosimida tuman hokimining o‘rinbosari O.Rixsiboyev, tuman prokuror o‘ribbosari A.Mamatqulov, mahalla faollari, nuroniylar, o‘quvchilar, ustozlar hamda ota-onalar ishtirok etdilar.
👉 144-sonli maktab 1956-yilda qurilgan bo‘lib, oradan yillar o‘tib, bu yerda minglab o‘quvchilar bilim oldi, yuzlab fidoyi ustozlar mehnat qildi. Vaqt o‘tishi bilan maktabga bo‘lgan talab ortib bordi va bugungi kunga kelib, 1853 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
👍 Prezidentimizning 2023-yil 25-dekabrda qabul qilingan qaroriga binoan, ushbu ehtiyojni qondirish maqsadida yangi zamonaviy maktab binosi bunyod etildi.
👏 Tadbir davomida hokim o‘rinbosari tuman hokimining tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi. Ta’kidlanganidek, yangi maktab nafaqat zamonaviy sinfxonalarga, balki ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan, shinam va qulay ta’lim muhitiga ham ega. Bu inshoot yoshlarimizga sifatli ta’lim olish, ijodiy va ilmiy izlanishlar olib borish, kelajakda jamiyatimizning yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishlari uchun beqiyos imkoniyatlar yaratadi.
🌟 Ushbu maktab nafaqat ta’lim dargohi, balki bilim va ma’rifat maskani, yorug‘ kelajagimiz sari yetaklovchi manba bo‘lib xizmat qiladi.