Bugun Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova o‘zining o‘rinbosarlari bilan birgalikda tumandagi “To‘qimachi” mahallasida joylashgan, bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish va eksport qilishga ixtisoslashgan zamonaviy “Kidsbee” korxonasining faoliyati bilan tanishdi.
Tanishuv davomida hokim korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulot assortimenti va eksport salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Xususan, “Kidsbee” korxonasi nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda yosh bolali ayollar bandligini ta’minlash maqsadida innovatsion yondashuvlarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiqarish hajmining bir qismini uy sharoitida amalga oshirish imkoniyati yaratilib, aholining ushbu toifasi uchun qulay va mos ish sharoitlari taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur tashabbus, o‘z navbatida, hududda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, xotin-qizlar bandligining oshishiga va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning salohiyati ortishiga xizmat qiladi. Bu esa tumanda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim omillardan biri bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.