Bugun Yakkasaroy tumanidagi 25-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda milliy qadriyatlarimizni, mehr-oqibat va birdamlik an’analarini o‘zida mujassam etgan “Xush kelding, Navro‘z!” nomli bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabaergenova, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi xodimi Xayrulla Sadikov, tuman hokimining o‘rinbosarlari hamda mehmonlar ishtirok etishdi. Ular bolajonlarga samimiy tilaklar bildirib, bayram munosabati bilan tabriklashdi.
Tadbir davomida bolalar tomonidan milliy qo‘shiqlar, raqslar va she’rlar ijro etildi. Yashillik, yangilanish va bag‘rikenglik timsoli bo‘lmish Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Shu bilan birga, bolajonlar uchun qiziqarli o‘yinlar va turli madaniy tadbirlar tashkil etilib, ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bu kabi bayram tadbirlari mehrga, e’tiborga va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bolalarga quvonch ulashish, ularning qalbini yanada iliqlik bilan to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Navro‘z – faqatgina tabiatning uyg‘onishi emas, balki insonlar qalbida ham mehr-oqibat va birdamlik tuyg‘ularining jo‘sh urishidir.