6 Oktyabr, 2025 37

Aholi muammolarini joyida hal etish, murojaatlarga befarq bo‘lmaslik va har bir fuqaroning ovozini eshitish – hokimiyat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Shu maqsadda, bugun Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova tumandagi “Bog‘saroy” mahallasida fuqarolardan kelib tushgan murojaat yuzasidan o‘rganish ishlarini amalga oshirdi.

O‘rganish jarayonida murojaatda ko‘tarilgan masalalar amalda o‘z tasdig‘ini topdi. Xususan:

Tumandagi elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan hududda ta’mirlash ishlari olib borilgan, biroq ishlar tugagandan so‘ng atrof-muhit tozalanmagan, hudud qurilish qoldiqlari bilan qolgan;

Mahallaga biriktirilgan mas’ul BSK (boshqaruvchi servis kompaniyasi) tomonidan obodonlashtirish ishlari belgilangan tartibda olib borilmagan;

Ko‘p yillik daraxtlarning qurigan va aholi uchun xavf tug‘diradigan shoxlari haligacha kesilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Nilufar Allabergenova mas’ul kommunal xizmat rahbarlarini shaxsan hududga chaqirdi va har bir muammoni joyida bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi. Uning ta’kidlashicha, aholidan kelib tushayotgan har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashish, muammoni kechiktirmay hal qilish mahalliy hokimiyatning burchi sanaladi.

Murojaat qilgan fuqaroning masalasi hokim tomonidan joyida hal etildi va bu holat boshqalar uchun ham namuna bo‘lishi lozimligi alohida qayd etildi.

“Fuqarolarning ishonchini qozonish va ularni eshitish – buni raqamlar yoki hisobotlar bilan emas, amaliy ishlar bilan isbotlash kerak. Har bir murojaat mening shaxsiy nazoratimda bo‘ladi”, - dedi Nilufar Allabergenova.

Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech