Assalomu alaykum, qadrli kasaba uyushmalari aʼzolari!
Siz, mehnatkashlarning manfaatlarini himoya qilish, ularning mehnat va ijtimoiy huquqlarini taʼminlash yoʻlida fidokorona xizmat qilayotgan azizlarimizni 11 noyabr – Kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Hech shubha yoʻqki, bu bayram yurtimizda kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi keng nishonlanayotgan shu kunlarda yanada katta maʼno va shukuh kasb etmoqda. Bu davr mobaynida kasaba uyushmalari fuqarolik jamiyatining muhim boʻgʻini sifatida mehnatkashlar manfaatini himoya qilish, ijtimoiy adolat va barqarorlikni taʼminlashda katta oʻrin tutib kelmoqda.
Sizlarning jamiyatdagi faol ishtirokingiz, mehnat jamoalarida sogʻlom muhitni shakllantirish, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish yoʻlidagi saʼy-harakatlaringiz tahsinga loyiqdir.
Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, tinchlik-osoyishtalik, oilalaringizga baxt va farovonlik tilayman.
Fidoyilik va birdamlik ruhi bilan yurtimiz ravnaqi yoʻlidagi xizmatlaringiz samarali boʻlsin!
Bayramingiz muborak boʻlsin!