Bugun Yakkasaroy tuman Xalq qabulxonasida tuman hokimi Nilufar Allabergenovaning navbatdagi sayyor qabuli oʻtkazildi.
Mazkur qabul fuqarolarning muammo va takliflarini toʻgʻridan-toʻgʻri tinglash, joylardagi haqiqiy holat bilan tanishish va ularga amaliy yechim topish maqsadida tashkil etildi.
Sayyor qabul davomida Nilufar Allabergenova tuman aholisining turli yoʻnalishlardagi masalalari — ijtimoiy muhofaza, uy-joy, ish bilan taʼminlash, kommunal xizmatlar, yer uchastkalari, tadbirkorlikni rivojlantirish kabi koʻplab masalalar yuzasidan murojaatlarini bevosita tingladi.
Har bir fuqaro murojaati alohida oʻrganilib, tegishli tashkilotlar va mutasaddi rahbarlarga aniq vazifalar yuklatildi. Murojaatlarning ayrimlariga joyida yechim topildi, boshqalari esa belgilangan tartibda nazoratga olindi.
Bunday sayyor qabullar orqali fuqarolarning davlat idoralariga boʻlgan ishonchi mustahkamlanmoqda, hokimiyat bilan xalq oʻrtasida ochiq muloqot va samarali hamkorlik muhiti yaratilmoqda.
Nilufar Allabergenova qabul yakunida har bir murojaat davlat organlari zimmasida javobgarlik ekanini taʼkidlar ekan, amaliy natijalar birinchi navbatda inson manfaatlariga xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdi.