Bugun Yakkasaroy tumanidagi “Dilbuloq” mahallasida Avstriya Federal Kengashi Raisi Andrea Eder-Gitshaler rahbarligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Mehmonlar O‘zbekistondagi mahalla instituti faoliyati, uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati, shuningdek, aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ta’lim va kasbga yo‘naltirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
“Dilbo‘loq” mahallasida 6 ming 700 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahalla xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda 300 dan ziyod savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari samarali faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, mazkur shoxobchalarda yoshlar va xotin-qizlarning bandligi ta’minlanishi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mahallada bolalar bog‘chasi, oilaviy poliklinika, ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa aholiga sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari mahalla faoliyati bilan tanishdilar. Ular mahallaning “yettilik” tizimi – profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, fuqarolar yig‘in raisi va boshqalarning o‘zaro hamkorlikdagi samarali faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zlarida katta taassurot qoldirganini ta’kidladilar.
Avstriya delegatsiyasining “Dilbo‘loq” mahallasiga tashrifi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro anglashuvning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biri sifatida tarixga muhrlanadi.