Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman prokurori Bekzod Shamsiyev, tuman soliq inspeksiyasi rahbari Jamshid Ergashev hamda tegishli soha va idoralar rahbarlari tumandagi “Belariq” mahallasiga borib, mahallada amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, jamoatchilik nazorati, profilaktika tadbirlari hamda fuqarolarga yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish davomida tuman hokimi mahallaning faoliyati, mahalla fuqarolar yig‘ini binosi va unda yaratilgan infratuzilma, jumladan, “Mahalla yettiligi” – profilaktika inspektori, hududiy mutaxassislar hamkorligida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Shuningdek, profilaktika inspektorining ish faoliyati, fuqarolar bilan muloqot qilish va muammolarni joyida hal etishdagi yondashuvlari atroflicha o‘rganildi.
Mas’ullar tomonidan hududda jinoyatchilikni kamaytirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, aholi o‘rtasida huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, erishilgan natijalar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Nilufar Allabergenova Mahalla – davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim ko‘prik ekanini qayd etar ekan, joylardagi muammolarni bartaraf etishda “Mahalla yettiligi”ning samarali ishlashini ta’minlash muhim ekanini alohida uqdirdi.
Yakkasaroy tumani hokimligi Matbuot xizmati