Yakkasaroyda xalqaro ekspertlar tashrif buyurdilar
Bugun Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova tuman hokimligida “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish” dasturiy ta’minoti hamda ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida tashrif buyurgan xalqaro ekspertlarni qabul qildi.
Uchrashuv davomida tuman hokimi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning PF-173-sonli Farmonida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Yakkasaroy tuman shtabi faoliyati, shuningdek ishchi guruh a’zolari tomonidan ko‘rilayotgan choralar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik ishlari, ularning samaradorligini oshirish hamda jarayonni yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, Yakkasaroy tumani mazkur yo‘nalishda Respublikada “namunaviy tuman” sifatida belgilangan bo‘lib, bu hududda bajarilayotgan ishlar mamlakat miqyosidagi tajribaga asos bo‘lishi kutilmoqda. Shu bois mas’ullar zimmasiga vazifalarni sifatli va belgilangan muddatlarda bajarish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Tuman hokimi ro‘yxatga olish jarayonlarini shaffof, adolatli va ishonchli tamoyillar asosida tashkil etish, xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish muhimligi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati