Assalomu alaykum, qadrli tumanimiz ahli!
Ayni kunlarda butun mamlakatimiz boʼylab xalqimiz hayotidagi muhim va shonli sana – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu bayram nafaqat davlatimiz hayotidagi ulkan voqea, balki har bir yurtdoshimizning qalbida faxr va iftixor uygʼotadigan tarixiy sana hisoblanadi.
Shu munosabat bilan Sizlarni, aziz tumandoshlarimni, Vatanimiz ravnaqi va mustaqilligini mustahkamlash yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan barcha hamyurtlarimizni ushbu quvonchli ayyom bilan chin dildan muborakbod etaman.
Konstitutsiyamiz – xalqimizning asriy orzu-intilishlarini oʻzida mujassam etgan, inson huquq va erkinliklarining ishonchli kafolati boʻlgan ulugʻ hujjatdir. U bizga erkin, osoyishta, farovon hayot sari dadil qadam tashlash imkonini bergan, yangi davrning poydevorini yaratgan Bosh qomusdir.
Qadrli tumandoshlar!
Bugun Yakkasaroy tumanida ham xalqimizning ertangi hayotini yanada farovon qilish, infratuzilmani rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, mahallalarimizda qulay sharoit yaratish yoʻlida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhim jihati – davlat idoralari xalqimizga chin dildan xizmat qilish tamoyili amaliyotga tobora chuqur kirib bormoqda.
Yurtboshimiz boshchiliklarida barpo etilayotgan Yangi Oʻzbekistonning har bir kuni, har bir sohasida ulkan oʻzgarishlar, yangi imkoniyatlar, bunyodkorlik va yangilanish jarayonlari kechmoqda. Bizning asosiy vazifamiz – ushbu ezgu maqsadlar sari bir yoqadan bosh chiqarib, fidoyilik bilan harakat qilishdir.
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor Konstitutsiya bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.
Xonadonlaringizga tinchlik, farovonlik, fayzu-baraka, oilalaringizga esa baxt va totuvlik tilayman.