Bugun Yakkasaroy tumanining “Damariq” mahallasida joylashgan “Mia Mi” restoranining uchrashuvlar zalida tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot va sayyor qabul tashkil etildi.
Mazkur tadbir Yakkasaroy tuman hokimligi va tuman soliq inspeksiyasi tomonidan tashkil etildi. Qabulda tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Ergashev, Toshkent shahar soliq boshqarmasining mas’ul xodimlari, hokim yordamchilari, bank sohasi vakillari hamda mahallada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbirda asosiy e’tibor tadbirkorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, soliq sohasidagi yangiliklar, qonunchilikdagi o‘zgarishlar, imtiyozlar va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga qaratildi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan qabulda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, muammolar hamda amaliy takliflari bilan ishtirok etishdi. Soliq organlari va bank tizimi vakillari har bir murojaatni alohida eshitib nazoratga olindi.
Bu kabi muloqotlar tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmon muhit yaratish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat va xususiy sektor o‘rtasida samarali aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.