8 Aprel, 2025 45

Bugun Yakkasaroy tumanida bahorning eng fayzli va ezgu an’analaridan biri – “Sumalak Party” katta tantana va yuksak kayfiyatda nishonlandi. Tumandagi “Do‘stlik” bog‘ida o‘tkazilgan ushbu bayram tadbiri erta tongdanoq insonlar yuzlarida tabassum, qalblarida baxt va iliqlik uyg‘otdi.

Tadbirning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri — beshta katta qozonda sumalak qaynatish marosimi bo‘ldi. Bu jarayonga tumandagi faol tashkilotlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari, o‘quv muassasalari hamda turli yoshdagi fuqarolar yakdillikda qatnashishdi.

Ushbu an’anaviy taomning qaynatilishi nafaqat dasturxonlarni bezatdi, balki odamlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamladi.

Bayramda maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining raqs va qo‘shiqlarga boy konsert dasturi tadbirga yanada ruhiy tarovat baxsh etdi. Shuningdek, Karim Zaripov nomidagi estrada va sirk kolleji talabalari tomonidan tayyorlangan ijodiy chiqishlar ishtirokchilarning kayfiyatini yuqori cho‘qqilarga olib chiqdi.

Tadbir yakunida baholash komissiyasi tomonidan eng faol ishtirokchilar aniqlandi. 2025-yilgi “Sumalak Party”da:

1-o‘rin - Tuman tibbiyot birlashmasiga,

2-o‘rin - “Konstitutsiya” mahalla fuqarolar yig‘iniga,

3-o‘rin - Umumta’lim maktablar jamoasiga nasib etdi.

G‘oliblarga tuman hokimi Nilufar Allabergenova tomonidan maxsus nishonlar topshirildi. Qolgan ishtirokchilar esa tuman hokimining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

“Sumalak Party” — bu shunchaki bayram emas, balki xalqimiz qalbidagi ezgu tuyg‘ular, milliy qadriyatlar va bahor ruhining ajoyib ifodasidir.

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech