5 May, 2025 44

Yurtimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni jismoniy faollikka jalb etish va ularda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab “Sport oyligi” tadbirlari keng ko‘lamda tashkil etilmoqda.

Bugun Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori ostida mazkur oylikning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Sport vaziri Adham Ikromov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allaberganova, shuningdek, institut rektori Davron Vahobov va boshqa rasmiylar ishtirok etib, o‘z nutqlari orqali talaba-yoshlarni ushbu muhim tashabbus doirasida faol bo‘lishga chorladilar.

Mazkur sport oyligi – bu faqatgina bellashuvlar maydoni emas, balki yoshlarning irodasi, intilishi va vatanga bo‘lgan sadoqatini namoyon etish imkoniyatidir. Bu tashabbus yoshlarda sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, ularni hayotda qat’iyatli, jasur va jismonan sog‘lom shaxs sifatida tarbiyalashga qaratilgan. Sport nafaqat tana, balki aql va ruhni ham chiniqtiradi.

Shu jihatdan, “Sportchi – yurt himoyachisi!” shiori katta ma’noni ifodalaydi: har bir sog‘lom inson – yurt tinchligi va taraqqiyotining muhim tayanchi.

Oylik doirasida talabalar 10 dan ortiq sport turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashadilar. Jumladan, badminton, basketbol, boks, dzyudo, gimnastika, og‘ir atletika, gandbol, stol tennisi, stritbol, suzish, futbol, taekvondo, voleybol va yengil atletika kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilmoqda. Bu bellashuvlar talabalarga o‘z salohiyatlarini yuzaga chiqarish, jamoada ishlash, raqobat muhitida ruhiy barkamollikni shakllantirish imkonini beradi.

Sport oyligi mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarini qamrab olgan bo‘lib, har bir ta’lim dargohi sport va jismoniy faollik maskanlariga aylanmoqda. Yoshlarimiz bu kabi tashabbuslar orqali nafaqat sport sohasida, balki hayotning barcha jabhalarida faol va tashabbuskor shaxslar sifatida shakllanmoqdalar.

🏵 Tadbirning yuqori saviyada o‘tishi, ishtirokchilarning faolligi va ko‘tarinki kayfiyati sportning hayotimizda tutgan o‘rni naqadar muhim ekanini yana bir bor namoyon etdi.

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech