Bugun Yakkasaroy tumanida joylashgan “Do‘stlik” bog‘ida o‘ziga xos ma’naviy muhit, ijodiy ruh va xalqona an’analar mujassam etilgan qo‘l mehnati yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman hokimi Nilufar Allabergenova, hokim o‘rinbosarlari, mahalla faollari, maktab o‘quvchilari, yoshlar va faol tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Yarmarkaning asosiy maqsadi – mahalliy hunarmandlar va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqimizga xos milliy hunarlarni keng targ‘ib etish, yosh avlodni mehnatsevarlik va ijodkorlik ruhida tarbiyalashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida turli sohalarda faoliyat yuritayotgan hunarmandlar o‘z qo‘l mehnati bilan yasalgan noyob mahsulotlarini taqdim etishdi. Ularning orasida milliy matolardan tikilgan liboslar, ziynat buyumlari hamda turli suvenirlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Yarmarka mehmonlari nafaqat ushbu buyumlarni tomosha qilish, balki hunarmandlar bilan bevosita suhbat qurish, ish jarayonini kuzatish va hatto ayrim mahsulotlarni o‘ziga xos usulda yaratishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa tadbirga alohida samimiylik va ruhiy yaqinlik baxsh etdi.