Bugun, Yakkasaroy tumanida joylashgan Hamid Sulaymonov mahallasida aholining muammo va takliflarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘rganish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Yakkasaroy va Mirobod tumani aholisi uchun sayyor qabul tashkil etildi.
Ushbu tadbir Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxo‘jaev hamda Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mudiri Tohirjon Mullajonov rahbarligida bo‘lib o‘tdi.
Sayyor qabulda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman prokurori Bekzod Shamshiyev, soliq inspeksiyasi rahbari Jamshid Ergashov, tuman hokimining o‘rinbosarlari, xalq qabulxonasi mutasaddilari hamda kommunal xizmatlar sohasining mas’ul rahbarlari faol ishtirok etdilar.
Qabul davomida fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan turli muammolar – uy-joy, ishga joylashish, ijtimoiy ta’minot, kommunal xizmatlar, yer masalalari va boshqa sohalardagi murojaatlarini bayon qildilar. Har bir murojaat alohida o‘rganilib, joyida huquqiy va amaliy tushuntirishlar berildi, tegishli mas’ul idoralar va mutasaddilarga aniq vazifalar yuklatildi.
Mazkur sayyor qabul aholi va davlat organlari o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlash, muammolarni kechiktirmasdan hal etishda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu tadbir fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish, jamiyatda samarali ijtimoiy sheriklikni rivojlantirishga xizmat qiladi.