Bugun Yakkasaroy tumanida joylashgan “Asaka bank”ning Toshkent shahar filiali binosida tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromad manbalarini ko‘paytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbir iqtisodiy faollikni oshirish, fuqarolarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularning moliyaviy muammolariga amaliy yechim topish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, hokimning birinchi o‘rinbosari N.Shamsiyev, Markaziy bankning Toshkent shahar boshqarmasi mas’ul xodimi B.Ishmirzayev, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i J.Ergashev, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi rahbari, tumandagi tijorat banklari vakillari, mahalla hokim yordamchilari hamda faol fuqarolar ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida tadbirkorlik subyektlari va o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarning muammolari tinglandi.
Ular tomonidan kichik va o‘rta biznesni yo‘lga qo‘yish, mavjud faoliyatni kengaytirish, mikro va oilaviy loyihalar uchun qo‘shimcha kredit ajratish, yer ajratilishi, hujjatlashtirish jarayonlarini soddalashtirish kabi masalalar ko‘tarildi.
Hokim va mas’ul rahbarlar murojaatlarni joyida tinglab, ayrim muammolar bo‘yicha tegishli tashkilotlarga topshiriqlar berdilar. Shuningdek, bank vakillari tomonidan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar, ularning shartlari va rasmiylashtirish tartibi bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Bunday uchrashuvlar tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasida samarali aloqalarni mustahkamlash, joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga bevosita yechim topish hamda fuqarolarda ishonch va faollikni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.