Bugun Yakkasaroy tumanida “Obod mahalla” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar qaytadan diqqat markaziga ko‘tarildi. Tuman hokimi Nilufar Allabergenova “Qushbegi” mahallasida olib borilgan obodonlashtirish va qurilish ishlarini joyiga chiqib, tanqidiy ruhda o‘rganishni boshladi.
Mahalladagi o‘rganish jonli muhokamalarga boy kechdi – unda tuman prokurori Bekzod Shamshiyev, hokim o‘rinbosarlari va mutasaddi qurilish tashkilotlari rahbarlari ham ishtirok etdi.
Nilufar Allabergenova mas’ullarga murojaat qilib, amalga oshirilgan ishlardan qoniqish hosil qilmayotganini ochiq aytdi. U mahalladagi holatni “qog‘ozda yaxshi, ammo amalda kamchiliklarga boy” deb baholab, har bir qurilish obyektini joyida o‘rganish va aniq faktlar asosida xulosa chiqarish zarurligini ta’kidladi.
“Obod mahalla” – bu shunchaki shior emas, balki xalq farovonligi yo‘lidagi hayotiy amal. Ammo bu farovonlik qog‘ozda emas, mahallaning har bir ko‘chasida, har bir xonadonda sezilishi kerak”, – dedi hokim.
O'rganish nafaqat nazorat, balki mas’ullarning ishiga nisbatan ochiqchasiga bildirilgan norozilik sifatida ham qabul qilindi. Bugun “Qushbegi” mahallasining haqiqiy ahvoli qayta ko‘rib chiqildi – qog‘ozdagi “obodlik”ni real hayotga moslashtirish uchun yana bir urinish boshlandi.