Xabar berganimizdek, bugun Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova “Aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish” dasturiy ta’minoti va ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik bo‘yicha bajarilayotgan ishlarni o‘rganish uchun tashrif buyurgan xalqaro ekspertlarni qabul qilgan edi. Uchrashuvning navbatdagi qismi esa tumandagi “Qushbegi” mahallasida davom etdi.
“Qushbegi” mahallasi Respublikada “namunaviy mahalla” sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, bu yerda yo‘lga qo‘yilgan ishlar kelgusida mamlakat bo‘ylab qo‘llaniladigan ilg‘or tajribaga asos bo‘lishi kutilmoqda. Xalqaro ekspertlar hududda amalga oshirilayotgan ishlar, mahalla infratuzilmasi va aholiga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tuman hokimi xalqaro mehmonlarga “Qushbegi” mahallasidagi “mahalla yettiligi” faoliyati, ularning o‘zaro hamkorlikda olib borayotgan ishlari hamda har bir yo‘nalish bo‘yicha mavjud tizim haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, “mahalla yettiligi” vakillari va xalqaro ekspertlar o‘rtasida ro‘yxatga olish jarayonida mahallaning o‘rni va vazifalari yuzasidan fikr almashildi, amaliy tajribalarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati