28 Aprel, 2025 32

2025-yil 25-aprelda Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Toshkent shahriga "Barqaror" prognozi hamda BB- darajasidagi uzoq muddatli kredit reytingini berdi. Bu agentlik bilan hamkorlik qayta tiklanganidan so‘ng poytaxtning ilk mustaqil xalqaro reytingidir.

🇺🇿Berilgan reyting Toshkent shahrining moliyaviy holati mustahkamligi va asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning barqarorligini aks ettiradi. Fitch Ratings o‘z tahlilida shaharning qarz yuki boshqariladigan darajada qolayotganini, daromad bazasining o‘sishi esa ijobiy rivojlanish ko‘rsatayotganini ta’kidlaydi. Bu esa moliyaviy mas’uliyat va boshqaruv samaradorligining yuqori darajasidan dalolat beradi.

Toshkent mintaqa shaharlari orasida

O‘zbekiston poytaxti xalqaro reytingda xuddi shu darajadagi shaharlar qatoriga qo‘shildi, jumladan:
• Yerevan (Armaniston) - 2023-yil avgust oyidan beri BB- reytingiga ega;
• Ummon (Iordaniya) - mamlakatning BB- darajasidagi suveren reytingini aks ettiradi;
• Turkiyaning Istanbul, Anqara, Izmir, Antaliya, Bursa, Manisa, Mersin va Mug‘la kabi yirik shaharlari - 2024-yil sentyabr oyidan boshlab BB- reytingiga ega.

Shunday qilib, Toshkent Markaziy Osiyoda BB- xalqaro reytingini olgan birinchi va yagona shahar bo‘ldi. Bu uning xalqaro maydondagi mavqeini sezilarli darajada mustahkamlaydi va poytaxtning investitsiyaviy jozibadorligini oshiradi.

Fitch Ratings reytingining berilishi shaharni yanada rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va aholining hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan strategik loyihalarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech