Bugun Yakasaroy tumanida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 23-fevraldagi “2024–2026-yillarda Yakasaroy tumani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholining turmush sharoitlarini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 99-sonli qarori ijrosi muhokama qilindi.
Mazkur yig‘ilishda 2024-yil davomida Yakasaroy tumanida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi, mavjud muammolar ko‘rib chiqildi va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar berildi.
Shuningdek, 2025-yil uchun belgilangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturlari, istiqbolli loyihalar va ularni samarali amalga oshirish yo‘llari muhokama qilindi. Ayniqsa, aholining turmush darajasini yanada oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda Senatorlar, Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov, Yakasaroy tumani hokimi, sektor rahbarlari, vazirliklar va mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Yakasaroy tumani xalq deputatlari Kengashi deputatlari va faollari ham yig‘ilishda qatnashib, o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Yig‘ilish davomida aholi bilan muloqotning samaradorligini oshirish, investitsiyalarni jalb etish, ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha aniq choralar belgilab olindi. Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi nafaqat tumanning iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilashga, balki aholi uchun qulay va farovon muhit yaratishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilish va ularni samarali tashkil etishga oid topshiriqlar berildi.