Zamonaviy infratuzilma, obodonlashtirish va fuqarolar farovonligi asosiy maqsadga aylanmoqda.
Bugun Respublika ishchi guruhi a’zolari – Prezident Xalq qabulxonasi rahbarining birinchi o‘rinbosari U.Ismoilov, Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mudiri T.Mullajonov, Yakkasaroy tumani hokimi N.Allabergenova, tuman Xalq qabulxonasi mudiri A.Isabayev hamda tuman hokimining o‘rinbosarlari Bobur mahallasini o‘rganishdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida har bir hududni obod va ko‘rkam maskanga aylantirish, aholining turmush farovonligini oshirish maqsadida qator keng qamrovli dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Shu jumladan, “Obod mahalla”, “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” kabi umummilliy loyihalar orqali joylarda mutlaqo yangi infratuzilma yaratilmoqda, fuqarolar uchun barcha shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganish davomida ishchi guruh a’zolari mahalladagi mavjud holatni o‘rganib chiqishdi hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan mas’ul mutaxassislar bilan fikr almashdilar.
Xususan, aholi uchun dam olish va sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish maqsadida Workaut maydonchasi, velosiped yo‘laklari, sog‘lomlashtirish yo‘laklari, amfiteatr, intellektual rivojlantirish hududlari, shuningdek, bepul WI-FI hududlarini tashkil etish kabi loyihalar muhokama qilindi.