Ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan ulug‘ qadriyatlarimizdan biri – keksalarni e’zozlash, ulug‘lash va ularga alohida ehtirom bilan munosabatda bo‘lishdir. Zero, ulug‘ yoshdagi insonlar har bir oila, mahalla va jamiyatning fayzi, barakasi, hayot maktabi hisoblanadi. Shu bois, yurtimizda har qanday e’tibor va hurmatga munosib bo‘lgan faxriylarimizni qadrlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allaberganova, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining mas’ul xodimi, tuman mudofaa bo‘limi hamda nuroniylar ishtirokida tumanda istiqomat qiluvchi, Ikkinchi jahon urushi yillarida Leningrad shahri qamalidan omon qolgan, bugungi kunda 88 yoshni qarshilagan Smolich Yuriy Georgievich holidan xabar olib, davlat rahbari –Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bayram tabrigini tantanali ravishda o‘qib eshittirdilar.
Yuksak samimiyat va mehrga to‘la tabrik so‘zlaridan so‘ng, faxriyga 25 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ushbu xayrli tashabbus nainki faxriylarimizga hurmat-e’tibor ifodasi, balki yosh avlod uchun ham ibrat namunasidir.