Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova “Yakkasaroy” mahallasidagi Badriddin Hiloliy ko‘chasi 3-tor ko‘chasida joylashgan yangi ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolarning murojaati asosida ushbu hududda bo‘ldi.
Murojaatda aholi vakillari hududda noqonuniy ravishda qurilgan avtotrargoh faoliyati, atrof-muhitdagi tartibsizlik va obodonlashtirish ishlarining yetarlicha olib borilmayotgani borasida o‘z noroziliklarini bildirishgan.
Tuman hokimining topshirig‘i bilan murojaat yuzasidan ishchi guruh tashkil qilinib, masalani o‘rganish hamda amaliy ishlarga kirishish boshlangan. Bugungi kunda hududni obodonlashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va fuqarolarga munosib shart-sharoit yaratish maqsadida zarur choralar ko‘rilmoqda.
Nilufar Allabergenova joyiga chiqib, ishlar bilan shaxsan tanishar ekan, qurilish ishlari uchun mas’ul pudratchi tomonidan belgilangan vazifalarning bajarilmaganini, aholiga qulaylik yaratish bo‘yicha amaliy natija kuzatilmayotganini keskin tanqid qildi.
“Fuqarolarning ishonchi va murojaatlari – bu biz uchun buyuk mas’uliyat. Har bir qurilish ishi ortda odamlarning hayoti, turmush tarzi, bolalar va keksalarning xavfsizligi turibdi. Bunday vaziyatda har bir mas’ul o‘z ishiga yuzaki emas, javobgarlik bilan yondashishi shart,” – deya ta’kidladi Nilufar Allabergenova.
U shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun quruvchiga 7 soat muddat berdi. Hokim ishlarni shaxsan o‘zi kelib qabul qilib olishini ma’lum qildi.