Yakkasaroy tuman hokimligida tuman hokimi Nilufar Allabergenova rahbarligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent shahar hokimligining ishchi guruhi a’zolari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, tuman hududida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar rahbarlari, tegishli xizmatlar vakillari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan ustuvor vazifalar, hududlarda olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijadorligi, joylardagi ishlar holati va aholini qiynayotgan dolzarb muammolar muhokama markazida bo‘ldi.
Shuningdek, davlat organlari faoliyatida xalq bilan ochiq muloqotlarni kuchaytirish, aholi murojaatlariga tezkor va samarali javob qaytarish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasida ko‘rilayotgan choralar hamda ularning ijrosi yuzasidan atroflicha tahlil o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida tuman hokimi Nilufar Allabergenova muhokama qilingan masalalar yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Jumladan:
Aholi murojaatlariga e’tibor va javobgarlikni oshirish;
Ijtimoiy va kommunal sohalarda tezkor choralar ko‘rish;
Bandlik, tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash va ta’lim yo‘nalishlarida mavjud muammolarni joyida hal qilish;
Har bir rahbarning fuqarolar oldidagi shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish borasida qat’iy vazifalar belgilab berildi.
Uchrashuv yakunida hokim fuqarolarning kundalik ehtiyojlariga befarq bo‘lmaslik, ular bilan tizimli ishlash, muammolarni eshitish va hal etishda real natijadorlikka erishish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati