“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova “Yakkasaroy yoshlari – volontyorlar guruhi” aʼzolari bilan birga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tasarrufidagi Jamoat xavfsizligi universitetiga sayohat qildilar.
Tanishuv davomida yoshlar universitetning faoliyati, taʼlim jarayonlari va huquqni muhofaza qilish sohasidagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar. Ular universitet rahbari, polkovnik Mirzayusup Rustambayev hamda Oʻzbekiston Polo federatsiyasi raisi Aziz Rustambayev bilan samarali uchrashuv oʻtkazdilar.
Uchrashuvda yoshlarga polo sportining tarixi, uning Oʻzbekistondagi rivojlanish bosqichlari, shuningdek, sportchilarning erishgan yutuqlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, Yakkasaroy tumanida polo sport turini ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida qiziqish uygʻotish va bu sohada yosh iqtidorlarni kashf etish yuzasidan Oʻzbekiston Polo federatsiyasi hamda hokimlik oʻrtasida imzolangan Memorandum doirasida ushbu sayohat tashkil etilayotganligi haqida fikr bildirildi.
Tuman hokimi Nilufar Allabergenova yaqin vaqt ichida tumanda qizlardan iborat polo jamoasi tashkil etilib, ular oʻrtasida musobaqa oʻtkazilishi rejalashtirilayotganini maʼlum qildi. Bu tashabbus orqali yosh avlodni sportga jalb etish, jismoniy va maʼnaviy rivojiga hissa qoʻshish koʻzda tutilgan.
Tanishuv soʻngida hokim va yoshlar birgalikda ot mingan holda sayohat qilib, faol va sogʻlom turmush tarzining ahamiyatini amalda namoyon etdilar.