Bugun Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova o‘zining o‘rinbosarlari N.Shamsiyev, B.Mustafoyev hamda mas’ullar bilan birgalikda “Yakkasaroy kichik va yoshlar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi” davlat unitar korxonasida bo‘ldi.
Tashrif davomida hokim sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan “Full Cotton” MChJ tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasining faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Korxonadagi ish jarayonlarini ko‘zdan kechirarkan, Nilufar Allabergenova ishlab chiqarish quvvati, texnologik jarayonlar, mavjud infratuzilma, xodimlar uchun yaratilgan sharoitlar va bandlik darajasi bilan alohida qiziqdi. Korxonada joriy etilgan zamonaviy texnologiyalar, tartibli ishlab chiqarish tizimi va mehnat madaniyati e’tirofga loyiq ekani qayd etildi.
Tuman hokimi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi doimiy e’tibor muhimligini ta’kidladi. Sanoat zonasidagi faol korxonalar iqtisodiy o‘sish, eksport salohiyatini oshirish hamda tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratishda muhim o‘rin tutishi qayd etildi.
Yakkasaroy tumani hokimligi Matbuot xizmati