Bugun Yakkasaroy tuman Xalq qabulxonasida oddiy bir qabul emas — inson dardi, fuqaro ovozi, rahbar masʼuliyati bir joyda uchrashdi.
Tuman hokimi Nilufar Allabergenova navbatdagi sayyor qabulini oʻtkazar ekan, har bir insonning soʻzini diqqat bilan tingladi, ogʻrigʻini his etdi, muammosini oʻzinikidek qabul qildi.
Qabulxona devorlari bugun yurakdan chiqqan soʻzlarga guvoh boʻldi. Bir kishi uy-joy masalasini koʻtardi, yana biri ish bilan bogʻliq muammosini aytdi. Kimdir farzandining taʼlimi, boshqasi esa mahallasidagi yoʻl holati haqida gapirdi. Har bir murojaat – hayotdan olingan real manzara, har bir fuqaro – oʻz taqdiri bilan.
Hokim tomonidan joyidayoq tegishli masʼullarga topshiriqlar berildi. Baʼzi muammolarga yechim shu yerning oʻzidayoq topildi. Eng muhimi — odamlar eshitildi, eshitishdi.
Chunki tinglash — birinchi qadam, tushunish — ikkinchi, hal qilish esa haqiqiy rahbarlikdir.
Bunday qabullar — oddiy fuqaroning davlatga ishonchi, xalq bilan hokimiyat oʻrtasidagi koʻprik. Bu koʻprik soʻz bilan emas, amal bilan quriladi.