Yangi davr talablaridan kelib chiqib, har bir sohada resurslardan oqilona va samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanishda tartib, tejamkorlik va mas’uliyatli yondashuv joriy etilishi bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylangan.
Shu munosabat bilan, 2025-yil 4-aprelda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–133-sonli “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va behuda sarflanishining oldini olish, hamda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Yakasaroy tumanida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda tuman hokimi N.Allabergenova, Bosh prokuraturaning mas’ul xodimi F.Zufarov, Yakasaroy tuman prokurori B.Shamshiev, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i J.Ergashev hamda tumandagi tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari tomonidan hududdagi korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlarida energiya resurslaridan oqilona foydalanish, iqtisodiy quyosh panellaridan samarali foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, tizimdagi mavjud muammolar, kamchiliklar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Ularga qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya qilgan holda, har bir tashkilotda energiya tejamkorligi bo‘yicha tahlil ishlarini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.