Yurtimizda amalga oshirilayotgan “Obod mahalla”, “Obod xonadon” va “Obod ko‘cha” umummilliy dasturlari doirasida mamlakatimiz bo‘ylab obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari keng qamrov olgani barchamizga ma’lum. Shu maqsadda Yakkasaroy tumanidagi Bobur mahallasida ham tinimsiz va samarali ishlar olib borilmoqda.
Xususan, mahallaning 69/7-uyi orqa tomonida yangi zamonaviy bog‘ barpo etilmoqda. Mazkur hududda 28 dona beryoza va 1000 dona atirgul ko‘chatlari ekildi. Shuningdek, hozirgi kunga qadar 664 kvadrat metr maydonga sifatli gazon yotqizildi. Bu o‘z navbatida mahallaga yanada ko‘rk va nafosat bag‘ishladi.
Bundan tashqari, 71-uy hududida 400 metrli suv ta’minoti va sug‘orish tizimi o‘rnatilmoqda. Hududni yanada ko‘kalamzorlashtirish maqsadida 8 dona kashtan, 33 dona yasen, 16 dona chinor, 4 dona akatsiya, 14 dona katalpa, 10 dona lola, 10 dona safaro va 10 dona klyon daraxti ko‘chatlari ekildi.
Olib borilayotgan bunday ezgu ishlar mahalla aholisining yashash sharoiti va kayfiyatini yanada yaxshilashga, atrof-muhitning ekologik holatini sog‘lomlashtirishga xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, obodonlashtirish ishlarida mahalla faollari, yoshlar va fuqarolarning ham faol ishtirok etishayotgani barchani quvontirmoqda. Bu esa Bobur mahallasida jamoaviy birlik va hamjihatlik ruhining yuqori ekanligini yaqqol namoyon etmoqda.