Zamonaviy infratuzilma, obodonlashtirish va fuqarolar farovonligi asosiy maqsadga aylanmoqda.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida har bir hududni obod va ko‘rkam maskanga aylantirish, aholining turmush farovonligini oshirish maqsadida qator keng qamrovli dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Shu jumladan, “Obod mahalla”, “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” kabi umummilliy loyihalar orqali joylarda mutlaqo yangi infratuzilma yaratilmoqda, fuqarolar uchun barcha shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bugun Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari Sh.Rahmonov, shahar hokimining maslahatchisi Sh.Ergashev, Yakkasaroy tumani hokimi N.Allabergenova, tuman prokurori B.Shamshiyev, tuman IIB FMB boshlig‘i A.Murodov, tuman soliq inspeksiyasi rahbari J.Ergashev hamda tuman hokimining o‘rinbosarlari Bobur mahallasiga tashrif buyurib, mazkur dasturlar doirasida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
O‘rganish davomida ishchi guruh a’zolari mahalladagi mavjud holatni o‘rganib chiqishdi hamda kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan mas’ul mutaxassislar bilan fikr almashdilar.
Xususan, aholi uchun dam olish va sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish maqsadida Workaut maydonchasi, velosiped yo‘laklari, sog‘lomlashtirish yo‘laklari, amfiteatr, intellektual rivojlantirish hududlari, shuningdek, bepul WI-FI hududlarini tashkil etish kabi loyihalar muhokama qilindi.
Eng muhimi, ushbu sa’y-harakatlar natijasida Bobur mahallasi yaqin vaqt ichida tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, haqiqiy ma’noda namunaviy va yashash uchun munosib hududga aylanishi kutilmoqda.