Birlashgan Arab Amirliklari “HEDAYAH” zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro markazi raisi ijrochi direktori Ahmad Ol Qosimiy rahbarligidagi delegatsiya Yakkasaroy tumanida joylashgan “Dilbuloq” mahallasiga tashrif buyurdi.
Mehmonlarni Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, tuman prokurori Bekzod Shamshiyev, tuman IIO FMB boshlig‘i Alisher Murodov, tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Jamshid Ergashev hamda “Dilbuloq” mahallasi faollari – “mahalla yettiligi” a’zolari kutib olishdi.
Tashrif doirasida mehmonlarga O‘zbekistonda mahalla institutining o‘ziga xosligi, uning jamiyatda tutgan o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Mahallada amalga oshirilayotgan ishlar, aholi uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, ayniqsa, ish bilan ta’minlash, yoshlarni ta’lim va tarbiyaga yo‘naltirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kabi muhim yo‘nalishlar batafsil ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda “Dilbuloq” mahallasining aholisi 6 700 nafardan ortiq bo‘lib, hudud xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan.
Mahallada 300 ga yaqin savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritib, ularda asosan mahalliy yoshlar va ayollar mehnat qilmoqda.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasasi, oilaviy poliklinika, ixtisoslashtirilgan sport maktabi mahallaning ijtimoiy hayotida muhim o‘rin tutadi.
“Xavfsiz mahalla” tamoyili asosida joriy etilgan 360 dan ortiq videokuzatuv moslamalari orqali jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi yuqori darajada ta’minlanmoqda. Ushbu tizim mahalla profilaktika inspektori xizmat xonasiga ulangan bo‘lib, aholi bilan yaqin aloqada samarali ish olib borish imkonini bermoqda.
Tashrif chog‘ida Birlashgan Arab Amirliklari delegatsiyasi a’zolari mahalla profilaktika inspektori bilan suhbatlashib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar, aholi bilan muloqot va jinoyatchilikning oldini olish borasidagi tajribalar bilan tanishdilar.