23 Yanvar, 2025 77

Bugun Yakkasaroy tuman hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 3-yanvar kunidagi “2025-yilda Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 1-sonli Qarorining mazmun-mohiyati tushuntirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishda tuman hokimi N.Allabergenova, tuman prokurori B.Shamshiyev, tuman IIO FMB boshlig‘i A.Murodov, soliq inspeksiyasi boshlig‘i A.Malikov, mahalla raislari hamda turli mas’ul tashkilotlarning rahbar xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishda Prezident qarorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jamiyatda xavfsiz muhitni shakllantirishning dolzarb jihatlari keng muhokama qilindi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutining bosh ilmiy xodimi Akmal To‘rayev ishtirokchilarga qarorning mazmuni va uning ahamiyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi. U har bir mahallada huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, profilaktik choralarni samarali yo‘lga qo‘yish orqali jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning ahamiyati haqida so‘zlab o‘tdi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida ishtirokchilar mazkur qarorning ijrosini ta’minlash yo‘lida mahalla darajasida amalga oshiriladigan aniq vazifalar va tadbirlar yuzasidan fikr almashdilar. Har bir mahallada jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash va huquqbuzarliklarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish borasida qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Yig‘ilishning yakuniy qismida barcha mas’ul shaxslarga tuman va mahallalarda xavfsizlik muhitini yaratishga qaratilgan choralarni sifatli hamda o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berildi.

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech