Sizlarni 15-may — Xalqaro oila kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Inson hayotida oila tuygʻusi — eng muqaddas, eng ulugʻ qadriyatlardan biridir. Oila — nafaqat jismoniy panohgoh, balki maʼnaviy tarbiya, muhabbat, mehr-oqibat, oʻzaro hurmat va totuvlik maskani hisoblanadi. Har qanday sogʻlom va barqaror jamiyat, avvalo, sogʻlom va mustahkam oilalardan boshlanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, ayollar va bolalarning huquqlarini himoya qilish, har bir xonadonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga katta eʼtibor qaratilayotgani barchaga maʼlum. Shuningdek, har bir oilaning farovonligini oshirish, ularning taʼlim, tibbiyot, uy-joy, bandlik va boshqa sohalardagi ehtiyojlarini qondirish — davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan.
Har bir oila — bu yurtimizda barpo etilayotgan Yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevoridir.
Farzandlarimizni vatanparvar, maʼrifatli va axloqli etib tarbiyalashda oilaning oʻrni beqiyos. Shuning uchun ham oiladagi muhit sogʻlom boʻlsa, kelajagimiz ham sogʻlom boʻladi.
Azizlar!
Shu muborak kunda barcha tumanimiz oilalariga tinchlik, totuvlik, muhabbat va farovon hayot tilayman. Oilalarimizda doimiy mehr-muhabbat, ahillik va barcha yaqinlarimiz sogʻ-salomat boʻlib yurishsin!
Bayramingiz muborak boʻlsin, aziz yurtdoshlar!