Bugun Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova tumandagi 127-sonli umumta’lim maktabida 1-sektorga hududidagi beshta mahallaning “mahalla yettiligi” bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash, mahallalardagi aholi muammolarini bartaraf etish, shuningdek, “Ombor” daftari xatlovi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Yig‘ilish tahliliy va tanqidiy ruhda o‘tib, unda hokim o‘rinbosarlari, tumandagi mas’ul tashkilotlar rahbarlari va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Ushbu uchrashuvning asosiy maqsadi – mahalla aholisi manfaatlarini inobatga olgan holda muammolarni tizimli ravishda tahlil qilish, ularni yechish bo‘yicha aniq vazifalar belgilash hamda bu jarayonda davlat idoralari va mahalla faollari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida mahallalarda olib borilayotgan xatlov ishlari va ularning natijalariga atroflicha e’tibor qaratildi.
Mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilashga qaratilgan “Ombor” daftari ma’lumotlari tahlil qilinib, amaliy yechimlar bo‘yicha fikr almashildi. Nilufar Allabergenova ushbu jarayonlarning samaradorligini ta’minlash uchun mas’ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berdi va aholining ehtiyojlarini o‘rganish hamda ularni qondirish bo‘yicha ishlarni yanada jonlantirish zarurligini ta’kidladi.