Xabar berganimizdek, bugun Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova mahallalarning ahvoli, amalga oshirilayotgan ishlar va dolzarb masalalarni o‘rganish maqsadida hududlarda keng ko‘lamli o‘rganishlari bo‘yicha ma’lumot bergan edik.
O‘rganishlar davomida “Belariq” mahallasida “Obod mahalla”, “Obod xonadon” va “Obod-ko‘cha” umummilliy dasturi doirasida olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishildi. Xususan, mahalla hududidagi Askiya ko‘chasi 11-uy yonida joylashgan bolalar maydonchasini qurish ishlari ko‘zdan kechirilib, sifatni oshirish va xavfsizlik talablariga rioya qilish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, ushbu hududdagi ko‘p qavatli uylar atrofini obodonlashtirish, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash va aholi uchun qulayliklar yaratish maqsadida asfalt yotqizish jarayonlari ham ko‘rib chiqildi. Hokim bu ishlarga mas’ul xodimlarga belgilangan muddatlarda qurilish va obodonlashtirish ishlarini sifatli amalga oshirish bo‘yicha qat’iy topshiriqlar berdi.
O‘rganish davomida mahalla aholisining fikrlari tinglanib, ularning talab va takliflari asosida hududdagi muammolarni hal qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.