14 Yanvar, 2025 94

Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova bugun 1-sektor hududidagi “mahalla yettiligi” bilan uchrashuv o‘tkazib, mahalla aholisining murojaatlarini o‘rganish va ularni tezkorlik bilan hal etish masalalariga e’tibor qaratdi.

Uchrashuv davomida “Armug‘on” mahallasi raisi mahalladagi 5-sonli ko‘p qavatli uyning yerto‘lasidan suv oqishi bilan bog‘liq muammoga e’tibor qaratdi. Ma’lumotga ko‘ra, mazkur muammo yuzasidan mas’ul Boshqaruv servis kompaniyasiga murojaat qilingan bo‘lsa-da, muammo o‘z vaqtida ijobiy hal etilmagan.

Hokim mas’ul tashkilot vakillari bilan birga murojaat qilingan manzilga shaxsan borib, muammoni joyida o‘rgandi. Joydagi o‘rganishlar davomida aniqlanishicha, ilgari yerto‘ladagi eski suv quvurlaridan oqishlar kuzatilgan, biroq bugungi kunda Boshqaruv servis kompaniyasi tomonidan mazkur quvurlar yangisiga almashtirilgan va muammo bartaraf etilgan.

Nilufar Allabergenova mas’ullarga aholi murojaatlariga nisbatan yanada mas’uliyat bilan yondashish va ularni tezkorlik bilan hal qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Hokimning ta’kidlashicha, har bir murojaatni o‘rganish va uni o‘z vaqtida hal etish nafaqat aholi roziligini oshiradi, balki mahalliy hokimiyat organlari va aholi o‘rtasidagi ishonchli aloqani mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv yakunida mutasaddilarga aholi tomonidan kelib tushayotgan har bir masalaga jiddiy yondashish, muammolarni samarali va tezkor hal qilish uchun zarur choralarni ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech