Bugun Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova Respublika ishchi guruhi a’zolari bilan birgalikda tumanda joylashgan 100-sonli umumta’lim maktabida o‘rganish ishlarini olib bordi.
Ushbu o‘rganishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ta’lim muassasasida yaratilayotgan sharoitlar, amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va ta’mirlash ishlari samaradorligini tahlil qilish hamda mavjud muammolarga joyida yechim topishdan iborat bo‘ldi.
O‘rganish jarayonida maktab hududida bir qator dolzarb muammolarga duch kelindi. Jumladan, kommunal sohaga oid tashkilotlar tomonidan boshlangan ayrim ishlar oxiriga yetkazilmagani, hududni obodonlashtirish bo‘yicha ishlar kechikib ketayotgani va qurilishdan qolgan tosh-qorishmalar hanuzgacha hududda saqlanib turgani aniqlandi.
Mazkur holatlar o‘rganilgandan so‘ng, tuman hokimi mutasaddi tashkilot rahbarlari bilan joyida uchrashib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berdi. Har bir mas’ulga muammolarni qisqa fursat ichida hal etish uchun aniq muddatlar belgilandi va ularning ijrosi qat’iy nazoratga olinishi ta’kidlandi.