19 Aprel, 2025 25

Yangi tashabbuslar, sog‘lom turmush tarzi va ekologik ongni oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlar orasidan biri sifatida bugun Yakasaroy tumanida "Avtomobilsiz kun" velomarafoni katta ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.

Ushbu velomarafon Yakkasaroy tuman hokimligi hamda O‘zbekiston Velosiped sporti federatsiyasi hamkorligida, bir qator tashkilotlarning faol ishtirokida tashkil etildi.

Marafon yo‘nalishi O‘rikzor va Raqat ko‘chalaridan start olib, 135-sonli maktabgacha bo‘lgan masofani o‘z ichiga oldi. Qariyb 3 km uzunlikdagi yo‘lni tashkil etgan ushbu sport tadbirida turli yoshdagi fuqarolar qatnashdi - eng kichik ishtirokchi 7 yoshda bo‘lsa, eng keksa qatnashchi 85 yoshda edi.

Tadbirning ochilish marosimida Yakasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova, O‘zbekiston Velosiped sporti federatsiyasining bosh kotibi Abduaziz Abdurazzoqov hamda turli oliy ta’lim muassasalari talabalari, tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari ishtirok etdilar. Ular barchani sog‘lom hayot tarzini tanlashga, faol va ekologik xavfsiz turmush kechirishga da’vat etdilar.

Bu kabi tadbirlarning o‘tkazilishidan asosiy maqsad - aholi, ayniqsa yoshlar orasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirish, keksa avlod vakillarining jamiyatdagi faolligini yanada mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va ekologik muammolarga e’tibor qaratishdir. Shunga mos ravishda velomarafon ham nafaqat musobaqa, balki ijtimoiy axamiyatga ega tashabbus bo‘ldi.

Aytish joizki, musobaqa g‘oliblari orasida kutilmagan natijalar ham qayd etildi. Jumladan, 82 yoshli Dmitryuk Vitaliy o‘z yoshiga qaramay marafonni muvaffaqiyatli yakunlab, g‘oliblar safidan o‘rin oldi. Shuningdek, 72 yoshli Markelova Lyudmila va 12 yoshli Bakurov Shavkat ham g‘olib sifatida e’tirof etildi. Ularning bu yutug‘i barcha ishtirokchilar uchun ilhom manbai bo‘ldi.
G‘oliblarga tuman hokimining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, velosiped sportini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Velosiped sporti federatsiyasi tomonidan tumandagi 1- va 2-son sport maktablariga yangi velosipedlar hadya etildi.

#yakkasaroyda
#velo_marafon_bólib_ótdi
#Nilufar_Allabergenova_marafonga_ishtirok_etdi
#gʻoliblar_aniq_bóldi

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech