Bugun Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova hamda ishchi guruh a’zolari bilan birgalikda tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalarida mavjud shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida joylarda bo‘ldi.
Ilk manzili – 155-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi. Bu muassasa 1961-yilda qurilgan bo‘lib, hozirgi kunda 120 o‘rinli bog‘chada 97 nafar bola tarbiyalanmoqda. Masʼular o‘rganish davomida bog‘chada bolalar uchun yaratilgan sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayoni hamda moddiy-texnik baza bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish jarayonida aniqlangan holatlar asosida, maktabgacha ta’lim tashkilotini kapital ta’mirlash va zamonaviy talablar asosida qayta qurish bo‘yicha tegishli mas’ullar bilan fikr almashildi.
Ushbu tashabbus orqali kichkintoylarga qulay, xavfsiz va zamonaviy bog‘cha muhitini yaratish maqsad qilingan.
Yakkasaroy tuman hokimligi Matbuot xizmati