Hayotda to‘g‘ri kasb tanlash muvaffaqiyatli kelajakning garovidir. Chunki, insonning aksariyat vaqti ish jarayonlarida o‘tadi. Shu sababdan ham kishi o‘zi uchun sevimli hunarni o‘rganishi, o‘zi yoqqan kasb bilan shug‘ullanishi kerak.
Bugun Yakkasaroy tumanidagi “Do‘stlik” bog‘ida tuman hokimligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish tuman bo‘limi tomonidan mahallada band bo‘lmagan fuqarolar, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarning bandligiga ko‘maklashish, ularni mehnat bozoridagi kasblarga yo‘naltirish maqsadida bo‘sh ish o‘rinlar mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda Respublika ishchi guruh a’zolari, Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova, tuman IIO FMB boshlig‘i A.Murodov, tuman prokuror o‘rinbosari A.Mamatqulov, tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i J.Ergashov hamda bir guruh mas’ul rahbarlar ishtirok etdilar.
Mehnat yarmarkasida Tumandagi ish beruvchi korxona va tashkilotlar o‘zlarining bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida korxona va tashkilotlardan tashrif buyurgan vakillar o‘zlarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida batafsil maʼlumot berishdi.
Shuningdek, Probatsiya ro‘yxatiga turuvchi fuqarolar, sud qarorlariga asosan qazdor shaxslar va tadbirkorlar uchun sayyor qabul ham bo‘lib o‘tdi.
Bu kabi yarmarkalarning davomli tashkil etilishi, ishsiz bo‘lgan fuqarolarimiz uchun o‘zlariga munosib ish o‘rni topishda muhim ahamiyat kasb etadi.