Yakkasaroy tumanidagi 135-sonli umumta'lim maktabida "Vatanparvar" harbiy-sport musobaqasining tuman bosqichi bo'lib o'tdi. Mazkur tadbir yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning jismoniy tayyorgarligini oshirish va sog'lom turmush tarzini targ'ib qilish maqsadida tashkil etildi.
Musobaqada tumandagi 14 ta umumta'lim maktabining o'quvchilari ishtirok etib, oltita shart bo'yicha o'z mahoratlarini sinovdan o'tkazdilar. Ular orasida safda yurish, qurolni qismlarga ajratish va yig'ish, granata uloqtirish, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish kabi sinovlar mavjud bo'lib, har bir ishtirokchi o'z jamoasining sharafini himoya qildi.
Qizg'in va murosasiz kechgan bahslarda 48-maktab jamoasi eng ko'p ochko to'plab, faxrli birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Ikkinchi o'rinni 319-maktab, uchinchi o'rinni esa 127-maktab jamoalari egalladi. G'olib va sovrindor jamoalar tuman hokimligi tomonidan diplom va esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
“Vatanparvar” harbiy-sport musobaqasi yoshlar orasida vatanparvarlik tuyg'usini kuchaytirish, ularning jismoniy va ma'naviy rivojlanishiga hissa qo'shish, shuningdek, sog'lom raqobat muhitini yaratish orqali ularni yuksak marralarga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.