Bugun Yakkasaroy tumanidagi “To‘qimachi” mahallasida bolalar kiyimlarini ishlab chiqarish va eksport qilishga ixtisoslashtirilgan zamonaviy “Kidsbee” korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va mahalliy mahsulotlar salohiyatini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Tantanali ochilish marosimida Yakkasaroy tuman hokimi Nilufar Allabergenova, falsafa fanlari doktori Jamila Shermuxamedova, mahalla faollari hamda tadbirkorlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida mehmonlar korxonaning faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.
Ma’lumotlarga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 2 milliard so‘mni tashkil etib, moliyalashtirish to‘liq xususiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilgan. Korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 30 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
2025-yilning ikkinchi choragida korxona yarim quvvatda ish boshlab, 9 ming dona mahsulot ishlab chiqarishni, uchinchi chorakdan esa to‘liq quvvatda ishlab, oyiga 18 ming dona mahsulot tayyorlashni rejalashtirmoqda.
Eng muhimi, tayyorlanayotgan mahsulotlarning yarmi ichki bozorga, qolgan yarmi esa eksportga yo‘naltiriladi.
Bu esa nafaqat korxona iqtisodiy samaradorligini, balki O‘zbekiston mahsulotlarining tashqi bozordagi raqobatbardoshligini ham oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ijtimoiy mas’uliyatni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan korxona, nogironligi bor shaxslar va yosh bolali xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash maqsadida ish hajmining ma’lum qismini uy sharoitida bajarish imkonini yaratishni ham rejalashtirmoqda.
Mazkur tashabbus hududda yangi ish o‘rinlari yaratilishi, xotin-qizlar bandligining oshishi va mahalliy mahsulotlar salohiyatining yuksalishiga xizmat qilishi shubhasiz.