Bugun Yakkasaroy tumanidagi sport maydonida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda tuman hokimligi hamkorligida Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan keng qamrovli sog‘lomlashtirish tadbiri tashkil etildi.
👉 Ushbu tadbir jahon hamjamiyati tomonidan har yili 7-aprel kuni nishonlanadigan muhim sana munosabati bilan o‘tkazildi. Uning asosiy maqsadi – jamoatchilik orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni ommalashtirish hamda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘liqni saqlash masalalariga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.
🖇 Tadbirda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Toshkent shahar kengashi mas’ullari, Yakkasaroy tuman hokimining o‘rinbosari O.Rixsiboev, mahalla faollari, yoshlar hamda sog‘lom turmush tarzini hayot tarziga aylantirgan fuqarolar faol ishtirok etdilar.
💢 Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida sport mashqlari, ommaviy yugurish, turli jismoniy faollikni rag‘batlantiruvchi fleshmoblar hamda interaktiv o‘yinlar tashkil etildi.
👏 Shuningdek, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy mashqlarning ahamiyati, zararli odatlardan voz kechish va tibbiy profilaktika mavzularida qisqacha ma’ruzalar ham o‘qildi.
✨ Tadbirning asosiy g‘oyasi – har bir fuqaro o‘z sog‘lig‘i uchun shaxsan mas’ul ekanini, uni muhofaza qilish va mustahkamlash yo‘lida har kuni harakat qilish zarurligini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.