5 Aprel, 2025 55

Yangi O‘zbekistonning ochiqlik, xalqaro hamkorlik va parlamentlararo muloqot tamoyillariga asoslangan siyosatini amalda namoyon etuvchi yana bir muhim tadbir – Xalqaro parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida tashkil etildi.

Uning doirasida Shvesiya parlamenti delegatsiyasi Yakkasaroy tumanidagi “Dilbo‘loq” mahalla fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurdi.

Mehmonlar O‘zbekistondagi mahalla instituti faoliyati, uning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyati, shuningdek, aholini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ta’lim va kasbga yo‘naltirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

 “Dilbo‘loq” mahallasida 6 ming 700 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahalla xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda 300 ga yaqin savdo, sanoat va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari samarali faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, mazkur shoxobchalarda yoshlar va xotin-qizlarning bandligi ta’minlanishi ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Mahallada bolalar bog‘chasi, oilaviy poliklinika, ixtisoslashtirilgan sport maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa aholiga sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari mahallada o‘tkazilgan Navro‘z bayrami tadbirlarida ham ishtirok etib, mahalla aholisi bilan birga milliy raqslar ijro etishdi. Ular mahallaning “yettilik” tizimi – profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, fuqarolar yig‘in raisi va boshqalarning o‘zaro hamkorlikdagi samarali faoliyati bilan yaqindan tanishib, o‘zlarida katta taassurot qoldirganini ta’kidladilar.

Shuningdek, Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova tomonidan tumanda xotin-qizlar o‘rtasida polo sport turini rivojlantirish maqsadida “Barchinoy” jamoasi tashkil etilgani haqida ma’lumot berildi. Delegatsiya a’zolariga ushbu jamoaning ramziy futbolkasi esdalik sifatida taqdim etildi.

🖇 Shvesiya delegatsiyasining “Dilbo‘loq” mahallasiga tashrifi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va o‘zaro anglashuvning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biri sifatida tarixga muhrlanadi.

O‘xshash yangiliklar

Powered by GSpeech