Mamlakatimizda sportning barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish, aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va jismoniy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan velosportni keng targ‘ib qilish, yoshlarni ushbu sport turi bilan shug‘ullanishga jalb etish va bu yo‘nalishda yuqori natijalarga erishgan sportchilarni rag‘batlantirish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Velosiped sporti – nafaqat professional yo‘nalish, balki ekologik toza transport vositasi sifatida ham inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan muhim omildir.
Shu munosabat bilan bugun Yakkasaroy tuman hokimligida O‘zbekiston Respublikasi Velosiped sporti federatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqotda Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allabergenova, hokim o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Velosport federatsiyasi Toshkent shahar bosh kotibi Abduaziz Abdurazakov, Toshkent shahar terma jamoasi bosh murabbiyi Lyudmila Markelova hamda federatsiya va tuman hokimligi vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida sportning mazkur yo‘nalishini tuman miqyosida keng rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida velosportni ommalashtirish hamda sport tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Natijada, Yakkasaroy tuman hokimligi va O‘zbekiston Respublikasi Velosiped sporti federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum doirasida quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan:
Velosportni rivojlantirish – tuman aholisini, ayniqsa, yoshlarni ushbu sport turiga keng jalb qilish, ularning jismoniy faolligini oshirish.
Sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishish – yosh sportchilarni tayyorlash, ularning xalqaro va mahalliy musobaqalarda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash.
Aholi orasida velosportni ommalashtirish – turli velomarafonlar, ommaviy sport tadbirlari va targ‘ibot ishlarini tashkil etish.
Iqtidorli sportchilarni aniqlash va rag‘batlantirish – yosh iste’dodlarni kashf etish va ularga munosib sharoit yaratish.
Sport infratuzilmasini takomillashtirish – tumanda zamonaviy veloyo‘lakchalar barpo etish, velosiped sporti bilan shug‘ullanish uchun zarur sharoitlarni yaratish.
Velosport to‘garaklarini ochish – maktablarda va sport muassasalarida maxsus to‘garaklarni tashkil etish orqali bolalar va yoshlarni sportga keng jalb qilish.
Sport tadbirlarini hamkorlikda tashkil etish – velosipedchilar uchun maxsus musobaqalar va ommaviy tadbirlarni rejalashtirish va amalga oshirish.
Mazkur memorandum velosportni rivojlantirish va targ‘ib qilish borasida muhim qadam bo‘lib, Yakkasaroy tumani hokimligi bu yo‘nalishda keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.