Bugungi kunda yosh avlodning ona Vatanga muhabbatini oshirish, ularda milliy g‘urur, tarixiy xotira va vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otish har qachongidan ham dolzarb vazifalardan biridir. Shu ma’noda, Yakkasaroy tumanida ham bu yo‘nalishda amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bugun Yakkasaroy tumanidagi umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun unutilmas bir kun tashkil etildi. Tuman hokimi o‘rinbosari Otabek Rixsiboyev boshchiligida o‘quvchilar “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida poytaxtimizdagi sharafli maskanlardan biri – “G‘alaba bog‘i”ga sayohat qildilar.
Bu bog‘ nafaqat yoshlarning ma’naviyatini yuksaltirish, balki ularni tinchlik va osoyishtalik qadrini anglashga undaydigan maskandir. U yerdagi har bir eksponat, har bir haykal va har bir guldasta fashizm ustidan qozonilgan buyuk g‘alabaning yodgorligidir.
Sayohat davomida o‘quvchilar tarixiy eksponatlar bilan tanishdilar, 1941–1945-yillardagi ulug‘ Vatan urushida qatnashgan qahramonlarning mardlik va jasorati haqida batafsil ma’lumotlar olishdi. Ular milliy armiyomizning shonli tarixi, o‘zbek askarlarining frontda ko‘rsatgan jasorati haqidagi rivoyatlarni tinglashar ekan, yurtimiz tinchligi va mustaqilligi qancha ulug‘ ne’mat ekanini yanada chuqur his qilishdi.
Bu kabi tadbirlar yoshlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi bilan birga, ularning fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.